Talaba qo‘shningiz bormi?

Birinchi kurs talabasi edim. Fakultetimizning yonidan kirib ketgan ko‘chada bir hovlida kursdoshim Muzaffar bilan bitta xonada yashardik. Stipeniyani kvartiraga to‘lar, uydan kelgan pul bilan kun o‘tkazardim. Hali mustaqil yashash ko‘nikmalarini to‘liq o‘zlashtirmaganimiz uchun pulimni tezda sarflab qo‘yar, shuning uchun baʼzida och qolib ketardik. Uy egasidan yoki do‘stlarimizdan so‘rashga g‘ururimiz yo‘l qo‘ymas, och bo‘lsak damimizni chiqarmay yurardik.

Bir kuni ochlikka chidolmadik. Muzaffar ikkimiz uyda o‘tirgandan ko‘ra tashqarida aylanib yuraylik, chalg‘iymiz, deb shahar aylanishga chiqib ketdik. Novvoyxona, oshxonayu do‘konlar oldidan o‘tayotganimizda Muzaffar:

– Atrofimizda nozu neʼmatlar to‘lib-toshib yotibdi, lekin yeyishga haqqimiz yo‘q, bu qanday adolatsizlik, – deb ham hazil, ham alam bilan gapirardi, men ham uning gaplarini tasdiqlardim.

Bir muddatdan so‘ng men kursdoshim Azizning kvartirasiga ko‘chib o‘tdim va ochligu yetishmovchiliklar barham topdi. Muzaffar esa o‘qishda qandaydir muammo sababli o‘z viloyatiga qaytib ketdi.

Bunday yetishmovchilik, ochlik va yo‘qchilik, sarson-sargardonlik juda ko‘p talabalarning boshiga tushgan, tushmoqda. Bir tomondan bunday qiyinchiliklarning boshga tushishi ham yaxshi, chunki odam mashaqqatlarda toblanadi, yana-da kuchli, yana-da sabrli bo‘ladi, bilim va tajribalari ortib, hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan yana-da kuchliroq sinovlarga tayyor bo‘lib boradi.

Ammo eʼtiboringizni qaratmoqchi bo‘lganim, talaba qo‘shnilari bo‘lgan mo‘min-musulmonlar uchun bu holat ham katta imtihon, ham katta imkoniyat. Imtihon deganda biz bilan yonma-yon, bir uy, bir ko‘cha, bir mahallada och va yordamga muhtoj insonlarning borligini payqab, ularning dardiga quloq tutamizmi, qorni och bo‘lsa ovqat, chanqagan bo‘lsa suv, xasta bo‘lsa shifo topishiga sababchi bo‘la olayapmizmi? Axir qudsiy hadislarda kelganidek, Qiyomatda Robbimizning huzuriga chiqqanimizda Alloh taolo bizdan:

«Ey bandam! Men och qoldim, meni to‘ydirmading», deb so‘ramaydimi? O‘shanda biz hayratlanib:

«Subhanalloh! Ey Robbim, sen olamlarning Robbisisan, sen och qolmaysan, sen bu sifatlardan poksan!» – deymiz. Robbimiz esa:

«Falonchi qulim och qolgan edi. Sen uni to‘ydirganingda meni to‘ydirgan bo‘lar eding», – deydi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan yana bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Yon qo‘shnisi och o‘tirganini bila turib qorni to‘q yotgan kishi mo‘min emas” (Hokim rivoyati).

Shunday ekan, yashashdan maqsadi Alloh va Rasulini rozi qilish bo‘lgan har bir musulmon kim bo‘lishidan qatʼi nazar, qo‘shnilarining ahvolidan xabardor bo‘lishi, ulardan hol so‘rab turishi maqsadga muvofiq. Ayniqsa katta shaharlarda ko‘p qavatli uylarda yashovchilar «shaharning shafqatsiz shart va talablari»ni bahona qilmasdan, bu narsaga yana-da diqqatli bo‘lishlari, agarda qaysidir kvartirada talabalar ijarada yashayotgan bo‘lsa, ular bilan tanishib, yaqin bo‘lib olishlari kerak. Bu yaqinlik, shubhasiz, Alloh bilan ham yaqinlashishga vasila bo‘ladi. Imkoniyat deganda aynan shu narsani nazarda tutgan edim.

Sanjar Said

(Visited 742 times, 1 visits today)

About The Author

You Might Be Interested In