“Tik-Tok”chilar va Kaliforniya sindromi

Hayotda aniq bir maqsadi bo‘lmagan, yashashni musobaqa deb biladigan, o‘zidan boshqa hech kimni o‘ylamaydigan, manmanlik cho‘qqisiga chiqqan (egoist) insonlar soni kun sayin ortib bormoqda. Amerikalik ruhshunoslar katta tezlikda ortib borayotgan bu holat birinchi bo‘lib dunyoning kayf-u safo markazi Kaliforniyada paydo bo‘lgani uchun unga “Kaliforniya sindromi” deb nom bergan.

Bu sindromga chalinish bosqichlari quyidagicha: avvalo kishi dunyo lazzatlariga ko‘miladi, hayoti zavqu shavq, kayfu safo bilan o‘tadi. Bu holat unda manmanlikni, egoistlikni kuchaytiradi. Manmanlik esa, o‘z navbatida, atrofidagi insonlarning bezib, undan uzoqlashishi va kishining yolg‘izlashuviga sabab bo‘ladi. Yolg‘izlik, tabiiyki, baxtsizlikni keltirib chiqaradi. Kishi o‘zini yolg‘iz va baxtsiz his qilgunicha yo o‘z joniga qasd qiladi, yoki giyohvandlik, ichkilikka beriladi yoki davomiy tushkunlik, stress va depressiya taʼsirida og‘ir kasalliklarga chalinib, barvaqt vafot etib ketadi.

Bugun hali maktabni ham tamomlamagan, dunyo va hayot haqida tasavvurlari, bilim va tajribalari yetarlicha shakllanib ulgurmagan yosh avlod orasida yuz minglab obunachilarga ega, g‘ayrioddiy mashhurlik hamda boylik cho‘qqisiga chiqqan yoshlar paydo bo‘lmoqda. Ularning hayoti deyarli to‘liq virtuallashdi, hatto uxlab yotganini, ayrim o‘ta xos aloqa va munosabatlarini ham internet orqali efirga uzatayotgan yoshlar uchramoqda. «Tik-Tok uyi» deb atalgan uyda qiz va o‘g‘illarning aralash-quralash bo‘lib yashashi, o‘yin-kulgulari, shohona va “benuqson” hayoti mening nazarimda yuqorida tilga olganim “Kaliforniya sindromi”ning boshlang‘ich alomatlaridan darak bermoqda. Eʼtibor bering, bu yoshlar ulashayotgan videolari faqat xursandchilik, yaltir-yultur, “ha-ha-ha”, “xi-xi-xi”dan iborat.

Baʼzi yoshlar esa omma eʼtiborini o‘ziga qaratish, tezda mashhur bo‘lish, o‘ziga auditoriya to‘plash maqsadida hatto o‘zi va boshqalarning hayoti uchun xavfli ishlarga qo‘l urmoqda. Uyatsiz xatti-harakatlar, bemaʼni qiliqlar, almoyi-aljoyi gaplar, xullas, odob-axloq, qadriyat va an’analar, qonun-qoidalarga zid harakatlari bilan ko‘pchilikning eʼtiroziga, tanqid va dashnomlariga sababchi bo‘layaptilar.

Yana bir og‘riqli masala shundaki, bugun bu yoshlarni kuzatib borayotgan tengdoshlari g‘ayriixtiyoriy ravishda ularga taqlid qilmoqda, ularga o‘xshashga, ularday bir zumda mashhur va boy bo‘lishga, rangorang, to‘kin-sochin hayotni qo‘lga kiritishga intilmoqda, hech bo‘lmaganda orzu qilmoqda, lol-u hayron qolmoqda, qo‘pol qilib aytgancha, ularni og‘zidan so‘lagi oqib kuzatib bormoqda. Ayrimlari esa o‘z hayotidagi baʼzi bo‘shliqlarni videolarni tomosha qilish orqali to‘ldirishga urinmoqda – xuddi shirin tush ko‘rayotgandek.

Lekin real hayot aslida unday emas. Chin hayotda quvonchning yonida qayg‘u, visolning yonida xijron, yaxshi bilan yomon, baland bilan past bor. Boylikka, mashhurlikka mehnat, ilm, sabr bilan erishilsagina ular bardavom bo‘ladi, insonga chinakam baxt, baraka, xotirjamlik va huzur-xalovatni beradi.

To‘satdan kelgan boylik va mashhurlikka esa har kim ham dosh bera olmaydi, hamma ham buning ortidagi sinovlardan muvaffaqiyatli o‘ta olmaydi. Ana shu imtihondan yiqilganlarda «Kaliforniya sindromi» avj olishni boshlaydi. Eng yomoni, bu kasallik internet va elektron qurilmalar zamonida koronavirusdan ham tezroq tarqalib, undan ham ko‘proq odamlarni, ayniqsa maʼnaviy immuniteti zaif, bilim va tajribalari oz bo‘lgan yoshlarni zaharlamoqda. Bu “epidemiya” faxsh, ichkilikbozlik, ilmsizlik va bidʼat-xurofotlar keng tarqalgan hududlarda, ayniqsa, misli ko‘rilmagan fojialarga sabab bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri, Internet va mobil texnologiyalari zamonida tug‘ilgan va voyaga yetgan bu “Z” avlodni chegaralash, tiyish, bir qolipga solish imkonsiz. Chunki bu yoshlar butun sifatlari bilan suyuqliklarning xususiyatlarini o‘zlarida musajjam etadi – bosimni oshirsangiz toshadi, harorat ko‘tarilsa parlanib ketadi, bir joyga to‘plamoqchi bo‘lsangiz turli tomonlarga tarqab ketadi, idishga solsangiz teshik-tirqishlardan oqib ketadi. Eng maʼquli esa yoshlarni o‘zlari uchun qulay muhitda ushlab turish va to‘g‘ri yo‘lga solish, ularga halol va xarom, yaxshi va yomon, oq va qorani tanitish kerak. Bu borada bizga eng yaxshi o‘rnak va namuna, shubhasiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdir.

«Sahihi Muslim»da rivoyat qilinishicha, Abu Mahzura ismli bir bola muazzinga taqlid qilib, masxaralab azon aytayotgan edi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam uni oldilariga chaqiradilar va azonni masxara qilayotganini bilmaganga solib, jiddiy va yumshoq ohangda: «Naqadar chiroyli qilib azon aytayapsan! Qani, kel, bu yerda ham bir azon ayt», deb bolaning boshini silaydilar.

Juda uyalib ketgan Abu Mahzura bu safar bor iqtidorini ishga solib azon aytadi. Xato va kamchiliklarini to‘g‘rilagan Rasululloh sallollohu alayhi va sallam qo‘llari bilan uning ko‘ksini silaydilar va:
«Muborak bo‘lsin!» deydilar.

Abu Mahzura bu iltifotdan juda ham lol qoladi. Bir muddat so‘ngra Makkada muazzinlik qilish uchun ruxsat so‘raydi va uzoq yillar Makkada muazzinlik qiladi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam silagan sochlarini U zot sallollohu alayhi va sallam qo‘llari tekkan, deb umri davomida kesmaydi. Keksaygan aqtida uning sochlari juda uzun edi. (Imom Muslim va boshqalar rivoyat qilgan).

Sanjar Said

(Visited 141 times, 1 visits today)

About The Author

You Might Be Interested In